Jump to content

Anglashilmasliq yoki «Tayoq»ning ta’siri

From Wikisource
Anglashilmasliq yoki «Tayoq»ning ta’siri (1923)
by Hoji Muin
334427Anglashilmasliq yoki «Tayoq»ning ta’siri1923Hoji Muin

Har yerda, ayniqsa, bizning Turkiston xalqig‘a jiddiy so‘zlardan ko‘ra hajviy va qulguli so‘zlarning ko‘brak ta’sir etishy ko‘rinib turadir. Bizning xalq har vaqt to‘g‘ri va jiddiy so‘zlarga iltifot etmay, balki uning teskarisicha kulgulik, hangomalik gaplarga ahamiyat beradir. So‘ngg‘i choqlarda gazetamizning kulgulik qismida bo‘lg‘on «Jarchi» so‘zlari diqqatni jalb etdi. Ul parchalar el orasida suyilib o‘qiddi. Lekin so‘ngg‘i kunlarda gazetamizning 20-sonida bosilg‘on «Tayoq» xalqqa favqulodda zo‘r ta’sir etdi. O‘ylanmagan va qutilmagan darajada xalqning nazari diqqatini tortdi. Yozg‘uvchining jasoratig‘a, ayniqsa, xalqning ruhiga muvofiq etilib, hech bir sinfni rioya qilmasdan to‘g‘ri yozilg‘oni xususida tahsin va ofarin so‘zlari eshitila boshladi.

Lekin esizkim, bu «Tayoq» xalqimiz orasida qancha yaxshi ta’sir etgan bo‘lsa, hukumatning bir-ikki yuqori doiralariga bil’aks o‘shancha yomon ta’sir qilib, ba’zi anglashilmasliqlarga sabab bo‘ldi. Go‘yo biz soliqlar to‘g‘risida din otidan xalqqa teskari yo‘sinda tashviqot yuritgan bo‘lsaq. Go‘yo «Tayoq»da yozilg‘on bir necha kitob otlari chindan diniy kitoblar bo‘lib, ularda naql etilgan so‘zlar ham musulmonlarning haqiqiy aqidalari bo‘lsa.

Mana bizning «Tayoq»dag‘i kulgulik so‘zlar, yuqori hukumat idoralarida shunday sui tafsirga uchrab anglashilmasliqlarg‘a sabab bo‘lg‘oni uchun bu to‘g‘rida bir oz izoh berib o‘tishg‘a majbur bo‘ldiq:

«Tayoq»da yozilg‘on bir necha kitoblarning otlari yasama bo‘lub, dunyoda unday kitoblar yo‘qdir. Ularda naql etilgan so‘zlar ham ramz va kinoya bo‘lib, kulgulikdir, jiddiy va haqiqiy emasdir. Kulgulik so‘zlar jiddiy sanalmaydir. Kulgulikka qarshi javob ham yozilmaydur. Shuning uchun kulgulik so‘zlar yozaturg‘on kishi haqida turlik shubha va gumoni bad qilish durust emasdir.

Ba’zi odamlar bizdan so‘raydurlarkim, «Siz buncha qattig‘ so‘zlar yozarsiz, hukumat sizga hech narsa demasmi?» Biz alarg‘a javob beramizkim: Sho‘rolar hukumati xalqqa so‘z hurriyati bergandir. Hukumatning asosiy qonunlarig‘a qarshi bo‘lmasliq yoki xalqni hukumatning muqobiliga qo‘zg‘otmasliq shartlari bilan har kim fikrini yozib, tarqatishg‘a haqlidur, ozoddur. Xalqning va hukumatning foydasini ko‘zda tutib, jiddiy va hajviy so‘zlar yozishni hech kim qatag‘on qilolmaydur. Hukumatning ba’zi xoin ma’murlari bilib turib xalqqa jabr va zulm qilar ekan, alarni tanqid va hajv qilishg‘a yoki alarning ustidan yuqori doiralarg‘a shikoyat etishga har bir grajdanning haqqi bordir.

Bizning o‘lkada xalqning nodonlig‘idan istifoda etib, mustamlakachilik siyosati bilan ishlayturg‘on nikolaychilar yo‘q emasdir. Mana shunday unsur bilan kurashish har birimizning vazifamizdir. Bu yo‘dda qo‘rqmasliq kerakdir.

«Zarafshon» gazetasi, 1923 yil, 18 fevral


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"