Alisher Navoiy g‘azaliga muxammas (Vola, III)
Sandek qachon mahbublar, ey sho‘x, jobir bo‘lg‘usi,
Ushshoq xayli men kabi har necha sobir bo‘lg‘usi,
Umrim firoqing zulmidin albatta oxir bo‘lg‘usi,
Ishq ahli go‘ristonida qabrim chu zohir bo‘lg‘usi,
Farhod oning toshin yo‘nib, Majnun mujovir bo‘lg‘usi.
Netsun jamoling hajrida oy lam’asin gar yuz budur,
Hay qatrasidin anda ko‘p ko‘rgach, dedim yulduz budur,
Jonu tanim kuysa ne tong, ishqing o‘tida so‘z budur,
Dersen, yuzum sori ko‘zung ko‘p boqmasun, gar ko‘z budur,
Ul mehr tobidin erib oqquncha nozir bo‘lg‘usi.
Har nechakim el qatlig‘a fatton ko‘zung aylar jadal,
Jon bergusidur lablaring dahr ahlig‘a so‘z der mahal,
Lutfing qoshida zahrdur hayvon suyi gar filmasal,
G‘amzangdin o‘lturmak ishin ta’lim ola kelmish ajal,
Bu nav’ ustoz o‘lsa, ul tez chog‘da mohir bo‘lg‘usi.
Ohimni dudi bo‘lmadi ko‘nglum o‘tining rofei,
Zulfung savodi ne ajab bo‘lsa jamoling lomei,
Zulmat aro qolmas nihon mehri tajalliy tolei,
Xatti g‘ubori demakim, bo‘lg‘usi ul yuz monei,
Tun pardasi oy nurig‘a ne nav’ sotir bo‘lg‘usi.
Subhimni, jono, aylamish hajring mubaddal shomg‘a,
Lekin tarahhum qilmading hargiz meni nokomg‘a,
Ishqing meni zor ayladi tushgan kibi qush domg‘a,
Ul g‘amza kufridin ko‘ngul nav’e kelur islomg‘a,
Kim tarki islom aylabon go‘yoki kofir bo‘lg‘usi.,
Ishqing o‘ti tug‘yonidur jismim aro mug‘ dayridek,
Jon bulbuli anda, ne tong, talpinsa ko‘nglum tayridek,
Bilmay menga qilding jafo ahli muhabbat g‘ayridek,
Bo‘lg‘usi mutlaq shu’lalar ichra samandar sayridek,
Sensiz ko‘ngul gulzor aro ul damki soyir o‘lg‘usi.
Botin safo topsun desang, af’oli zohir daf’in et,
Albatta ko‘ngul lavhidin naqshi mazohir daf’in et,
Gar maqsading diydor erur, ul nav’ sotir-daf’in et,
Xotirni jam’ istar esang, avval xavotir daf’in et,
Kimki xavotir bo‘lmasa, osuda xotir bo‘lg‘usi.
Marg‘ub zotingni kishi gar anglasa tanzihini,
Yuz yil qilolmas fikr etib mingdin biri tavjihini,
Gar Voladek bersang ne tong ul cho‘p ila tanbihini,
Qildi Navoiy qaddingga sarvi sihi tashbihini,
Bu tab’i nomavzun bila bechora shoir bo‘lg‘usi.
This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago. |