Jump to content

Alisher Navoiy g‘azaliga muxammas (Roqim, VI)

From Wikisource
Alisher Navoiy g‘azaliga muxammas
by Roqim
333208Alisher Navoiy g‘azaliga muxammasRoqim

Borg‘ali yod etmas ul mahvash meni g‘amnokni,
Bu musibatdin boshimg‘a sovururmen xokni,
Ayb qilmanglar ko‘rub siynamda haryon chokni,
Haftayedur ko‘rmamishmen ul buti cholokni,
Ne ajab gar o‘rtasa ohim yeti aflokni.

O‘yla majruh aylading jismimni, ey bebokkim,
Qattig‘ ahvolimg‘a qon yig‘lar xasu xoshokkim,
Dud boshimdin chiqardi gardishi aflokkim,
Soldi tiyg‘i furqating bag‘rimg‘a andoq chokkim,
Bag‘ri bo‘lg‘ay chok-chok ulkim ko‘rar bu chokni.

Gul yuzung bo‘lg‘ach namoyon pardadin, ey siymbar,
Xayli ishqing ayladi jon kishvarin zeru zabar,
Ishq jurmidin vujudim kuydurur bo‘lsang agar,
Hajr o‘ti jonimg‘a ortuqdur, anga bas bir sharar,
O‘rtamak do‘zax bila, ya’ni na bir xoshokni.

Har kecha ag‘yor ila ul oy qilib zavqu safo,
Kunda yuz bedilni o‘lturganga qilmas iktifo,
Qatli om aylarga ushshoq ahlini ul bevafo,
Otlanibdur mast ko‘nglakchan chekib tiyg‘i jafo,
To ne o‘t solg‘ay jahong‘a ko‘rgil ul bebokni.

Cheksa ul berahm qatlimg‘a agar tiyg‘i halok,
Men qilay raxshi ayogi ostida jismimni xok,
Ko‘zu ko‘nglumni dema, bordur maqomi vahmnok,
Ishq o‘ti birla ko‘ngul, suv birla ko‘zni qildi pok
Pok manzillarda pinhon qilg‘ali ul pokni.

Kimki olam shug‘lidin istar qutulmoq may icha,
Dayr piri xizmatin jon birla aylab har kecha,
Dahr eli javru jafou zulmini tortay necha?
Dayr aro davron g‘amidin qochmisham, ey mug‘bacha,
Bir mug‘ona may bila shod ayla bu g‘amnokni.

Roqimo, gar charx qilmoq istamas jismingni xok,
Motamingg‘a ne uchun har subh etar jaybini chok,
May ichib tun-kun, ko‘ngul dunyo g‘amidin ayla pok,
Boda birla yung Navoiyni xumor etsa halok,
Bog‘langiz tobuti uzra berk naxli tokni.


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.