Jump to content

Alisher Navoiy g‘azaliga muxammas (Qoriy Xoʻqandiy)

From Wikisource
Alisher Navoiy g‘azaliga muxammas
by Qoriy Xoʻqandiy
332935Alisher Navoiy g‘azaliga muxammasQoriy Xoʻqandiy

Niqob ochib labi Shiringa ko‘hkan qilg‘il,
Mani asiri balo chohi ul zaqan qilg‘il,
Sochingni sunbuli sarr ustiga suman qilg‘il,
Qaro ko‘zum kelu mardumlig‘ emdi fan qilg‘il,
Ko‘zum qarosig‘a mardum kibi vatan qilg‘il.

Mazoqi la’ling ila bo‘ldi xush tarab gulshan,
Ko‘rub xijolat ila ayladi adab gulshan,
Nazokating suyiga bo‘ldi xushk lab gulshan,
Yuzung guliga ko‘ngul ravzasin yasab gulshan,
Qading niholig‘a jon gulshanin chaman qilg‘il.

Karam darini ochib himmat ila bel bog‘la,
Chaman-chaman ochilib lolalar dilin dog‘la,
Fasohating bila to‘ti dilig‘a qon bog‘la,
Takovaringga bag‘ir qonidin hino bog‘la,
Itingg‘a g‘amzada jon rishtasin rasan qilg‘il.

Xirom etib qilako‘r mushkfom gullarni,
Asir etay desang och xandadin ko‘ngullarni,
Xizr kibi qadam ur sabza ayla yo‘llarni,
Yuzung visolig‘a yetsun desang ko‘ngullarni,
Sochingni boshdin-ayog‘ chin ila shikan qilg‘il.

Qalandarona guzar ayla bo‘lmag‘il tomi’,
Sochilma har sori gul g‘unchavor bo‘l qoni’,
Yaratdi bandalik uchun karam bila soni’,
Xazon sipohig‘a, ey bog‘bon, emas moni’,
Bu bog‘ tomig‘a gar ignadin tikan qilg‘il.

Firoq o‘tida jigar chok qildi gul badani,
Meni asir qilib mubtaloi ul zaqani,
Muattar ayladi gulgun qaboyi pirahani,
Yuzida terni ko‘rub o‘lsam, ey rafiq, mani,
Gulob ila yuvu gul bargidin kafan qilg‘il.

Munosib o‘lmadi ushshoq elig‘a nom ila nang,
Ko‘ziga xascha erur mulki Rumu Shomu farang
Xayoli sayrida Qoriy ayoqing o‘ldi chu lang,
Navoiy anjumani shavq jon aro tuzsang,
Oni boshoqlig‘ o‘qin sham’i anjuman qilg‘il.


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.