Alisher Navoiy g‘azaliga muxammas (Niyoziy)
O‘zgalar ko‘yida sinsin paykarim jo aylasa,
Jismim o‘lsun kul yonib gar onda ma’vo aylasa,
Bag‘rim oqsun g‘ayridin so‘zish huvaydo aylasa,
Ko‘nglum o‘rtansun agar g‘ayringg‘a parvo aylasa,
Har ko‘ngul hamkim sening shavqingni paydo aylasa.
G‘ayrini fikr aylasam hajring aro jovid o‘lay,
Qurbating umididin albatta beummid o‘lay.
Furqating zulmoti ichra sohibi ta’bid o‘lay,
Har kishi vaslin tamanno aylasam navmid o‘lay,
Har kishi hamki sening vasling tamanno aylasa.
Sandin o‘zga yor zikri bir dame bo‘lsa so‘zum,
Dudi hirmondin qarorsun kahrabo yanglig yuzum,
Ahd bog‘lab nafsima ayturman, ey dilbar, o‘zum,
O‘zgalar husnin tamosho aylasa, chiqsin ko‘zum,
O‘zga bir ko‘z ham sening husning tamosho aylasa.
Xotirimg‘a boshqa yodi kelsa xok o‘lsun dilim,
Ham uzulsin g‘ayrig‘a gah xam qilur bo‘lsam belim,
Ham qurub qolsui badanning maddasi bo‘lgan gilim,
G‘ayr zikrin oshkora qilsa lol o‘lsun tilim,
Qaysi bir til hamki, zikring oshkora aylasa.
G‘ayratimdin rashk aro har gul yuzi bir shu’ladur,
Yoqg‘ali ko‘nglumni ham bulbul so‘zi bir shu’ladur,
Harna bo‘ston ichradur balkim o‘zi bir shu’ladur,
Rashkdin jonimg‘a har nargis ko‘zi bir shu’ladur,
Bog‘ aro nogah xirom ul sho‘xi ra’no aylasa.
Orzu bo‘ldi azaldin ko‘ngluma ishqing fani,
Bu jihatdan jismi afgorim badanning maskani,
Say’ birla umrim ichra bir ko‘ra olmay sani,
Oqibat jonimg‘a yetdim, ey xush ulmenkim mani,
Gar qadah birla xarobot ichra rasvo aylasa.
Bu ajab husni guli aslo xazondin so‘lmag‘ay,
Zulm etib har dam o‘sanmay ko‘ngli hargiz to‘lmag‘ay,
Ushbu gulshandin falak zoli dog‘i gul yulmag‘ay,
Yo‘q og‘izdin nukta aytur mahvashimdek bo‘lmag‘ay,
Gar quyosh har zarrasidin bir Maseho aylasa..
Turfadur majnunligim holimni bilmasdur habib,
Bir nafas bo‘lmas ifoqatdin manga hargiz nasib,
Volalig‘ dashti aro emdi bo‘lubdurman g‘arib,
Kelturing raf’i jununimg‘a parixon, ey tabib
Kim, ul ansabdur pari har kimni shaydo aylasa.
Ko‘rgusidur hodisoti davrning ozorini,
Dahr elidin mushtag‘il bilgay hasadning korini,
Bo‘lg‘ay ahvoli parishon mahv etib azkorini,
Subhdek bir damda gardun qo‘ymag‘ay osorini,
Nogah ahli sidq ko‘ngli mehrin ifsho aylasa.
Zoli dunyo fikrida sarg‘arma, so‘lma nechakim,
Ey Niyoziy, aldanib uzrini qo‘lma nechakim,
Inqiyod aylab aning yuziga kulma nechakim,
Dahr sho‘xig‘a Navoiy sayd bo‘lma nechakim,
Kun uzori uzra tun zulfin mutarro aylasa.
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|