Jump to content

500 yil

From Wikisource
500 yil (1924)
by Abdulhamid Choʻlpon
334286500 yil1924Abdulhamid Choʻlpon

(O‘ZBEK BILIM HAY’ATI E’TIBORIGA)

Chig‘atoy adabiyoti va tiliga Navoiyning qilg‘on xizmati juda ulug‘dir. Bu kungi yangi o‘zbek adabiyoti va uning bu kungi sodda shevasi, menimcha, o‘sha chig‘atoy shevasidan o‘zga emasdir. Ba’zi bir kishilar, Navoiydan ancha keyin chiqqan adib va shoirlarimizdan bir-ikkita soddaroq yozg‘onlarini ushlab olib, ularni haddan tashqari ko‘tarmak bilan narigini bir qadar tumanlashdirmoqchi bo‘lsalar ham, Navoiy o‘zbek tili va adabiyotida tegishlik yuksak mavqe’ini olg‘ondir. Usmonli adabiyotining eng ulug‘ vakili bo‘lg‘on Fuzuliyni mashhur usmonli yozg‘uchisi Shamsiddin Somibek Navoiydan keyinga qo‘yib, ko‘rsatadir. Mana bu ham, Navoiyning birgina o‘zbek qavmi adabiyotida emas, umum turk xalqi adabiyotida ham o‘ziga yarasha joy olg‘onini ko‘rsatadir.

Tarixlarning ko‘rsatishig‘a qarag‘onda shu bir yil — bir yarim yil orasida ulug‘ Navoiyning vafotig‘a 500 yil to‘ladir… 500 yil o‘zbek-chig‘atoy adabiyoti tarixiga allaqancha narsalar bergan, unda qancha o‘zgarishlar yasag‘on, juda uzun bir muddatdir. O‘z adiblariga 5—6 asrlik bir tarix yashata bilgan xalqlar uncha ko‘b emasdir. Demak, bizga ham shu bir yil orasida shunday katta bir shodliq, katta bir bayram o‘tkazishga to‘g‘ri keladir.

Vatandoshlarimiz ruslar Pushkinning har 5 yili uchun ham katta bayramlar yasaydirlar. G‘arbda esa unday bayramlar juda katta tantanalar bilan o‘tkaziladir. Bu to‘g‘rida gapni cho‘zib o‘ltirish hojat emas. Ko‘z bilan ko‘rganimiz ham yetib ortarliqdir.

Shuning uchun men aytmoq istaymankim, Navoiyning 500 yilligini biz ham tegishlik darajada tantana bilan o‘tkazishga shu topdan hozirlana boshlayliq. Bu yo‘lda men quyidag‘i choralarni taklif qilib, o‘zbek bilim hay’atining diqqatini shunga jalb qilur edim:

1. Hozirdan boshlab yaraliq kishilarimizdan bir hay’at tashkil qilib, 500 yillik bayramni mumkin qadar tantana bilan o‘tkazish yo‘lini topmoqg‘a o‘shal hay’at vakil qilinsun.

2. Hay’at Navoiyning bosilmag‘on asarlarini topib, bosdirishg‘a lozim ko‘rulgonlarini bayramgacha bosdirish chorasini ko‘rsun.

3. Navoiyning mukammal tarjimai holi yozdirilsun.

4. Navoiyning shevalaridan terma bir asar tuzulub, nafis qilinib bosdirilsun.

5. Navoiy nomig‘a yuqori o‘qush yurtlarining adabiyot-til fakultetlarida o‘zbek talabalari uchun stipendiyalar ochilsun.

6. O‘zbekistonning poytaxtida Navoiyg‘a haykal tikilsun.

7. Ba’zi bir o‘zbek shaharlarining ko‘cha ismlari Navoiy otig‘a qo‘yulsun.


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"