Jump to content

«Rishvat» xastalig‘i

From Wikisource
«Rishvat» xastalig‘i (1918)
by Hoji Muin
334423«Rishvat» xastalig‘i1918Hoji Muin

Asrlardan beri odam bolalarini ezib, qurutib kelgan xastaliq (kasallik)larning eng yomoni va yuqumlisi rishvat xastalig‘idir.

Rishvat xastalig‘i hisobsiz odam bolalarini xonavayron, bachagiryon va darbadar qilg‘on. Odam jinsining har bir sinfi orasinda rishvat xastalig‘i hukm surib kelg‘on.

Aning panjai istilosindan podshoxdardan boshlab gadoy va go‘lohilarg‘acha hech bir sinf xalq o‘z yoqasini qutqara olmagon. Avval, sonsiz burjuazlarni, hisobsiz mansabdorlarni, nihoyatsiz mulla va kambag‘allarni naqshin o‘rindan, issiqto‘shakindan tortib olib, yillarcha azob va qayg‘u zindonig‘a tiqib qo‘yub, oxiri qabriston tarafig‘a jo‘natib yuborg‘an.

Xulosa: rishvat xastalig‘ining odamizodg‘a yetkurgan zarari shuncha ko‘bdirki, agar faqir xalq sinfining ko‘z yoshlari siyohbo‘lsa, bolsheviklar oqchasining barchasi kog‘oz bo‘lsa, jumla besoqol bolalarning kirpiklari qalam bo‘lsa va yer yuzindagi hamma musulmon ishtirokiyunlari kotib bo‘lsa-lar, aning zararindan miliyundan bir hissasini sho‘rolar hukumati tamom bo‘lg‘uncha yozib biturolmaslar.

Mundan bir yil ilgari bizning Turkistonda rishvat xastalig‘i uncha ko‘b tarqalmag‘on edi. Ammo 1918nchi yilning boshindan e’tiboran bu xastaliq bizning xalq orasig‘a kundan-kun ko‘payib, xalqimizni temur uylar tarafig‘a jo‘natmoqdadir. Agar bu xastaliqqa qarshi hukumatimizning harakati ila hoziq tabiblar tarafindan muolaja qilinmasa, ozgina bir zamonda butun Turkistonimizning nahang komiga ketishi yoki «Lut qavmi»dek yer yutishi va yo Xudoning g‘azabi ila No‘h to‘fonidek muqaddas Vatanimizni suv yutishi shubhasizdir.

Havoyi teleg‘rom vositasila Buxorodan oldig‘imiz bir xabarg‘a ko‘ra, anda amirning «Luqmoni hakim» zamonindan qolg‘an bir hoziq tabibi rishvat xastalig‘ig‘a muolaja etmak tariqasini kashf etib, ushbu xususda «Kayf-safo» isminda yuz jilddan iborat katta bir asar ta’lif etgan. «Malikul-tibbon» laqabi ila shuhrat chiqarg‘on mazkur tabib o‘z kitobining 99nchi jildinda «Aysh-ishrat» faslinda rishvat xastalig‘i to‘g‘risinda ushbu mazmunda ma’lumot beribdur: «Rishvat» xastalig‘i Buxoroda hukm surmoqda bo‘lg‘on «rishta» xastaliqig‘a lafzan o‘xshasa ham, lekin bu ikki turli xastaliq orasinda xeyli ma’naviy tafovut bordir. Chunonchi, rishvat xastaliqig‘a mubtalo bo‘lg‘an kishining qorni kundan-kun shishib, yuzi qizarib, ammo miyasi kundan-kun ozayadur. Rishta xastaliqig‘a yo‘liqqan kishining esa, bil’aks, yuzi ko‘knorilar yuzidek sarg‘ayib, o‘zi kundan kun ariqlanur, kuchsizlanadur.

Xo‘rak va ishtahaga kelganda, rishvat xastaliqig‘a giriftor bo‘lg‘on kishining ishtahasi tovuq kabobi bilan konyakni karnaydek tortadir. Ammo rishta chiqarg‘on odam moshoba bilan atalani ham icholmay, zo‘raki ro‘za tutg‘on kishilardek asabiy mijoz va urushqoq bo‘ladir.

Rishvat xastaliqig‘a mubtalo bo‘lg‘on kishining muolajasi ushbudir: anday odamni darhol «sobachniy yashik», ya’ni it uyasig‘a tiqib, har kun anga bir parcha qora non bilan bir piyola suvdan boshqa narsa bermaslik kerak. Shul ravishda olti oydan uch yilg‘acha tarbiya qiling‘onda (agar Xudo shifo bersa) tez kunda sog‘ayib ketar».

«Tayoq»: mazkur tabibning yuqoridagi bayonatig‘a qarag‘onda, bizning ta’minot komissiyasi ham rishvat xastaliqig‘a mubtalo bo‘lg‘ong‘a o‘xshaydir.

Boturbek

«Mehnatkashlar tovushi» gazetasi, 1918 yil, 22 noyabr


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"